O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga qarashli Investitsiyalar bo'yicha milliy agentlik rahbari Ravshanbek Sabirov Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hyu Riddell bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida investitsiya sohasidagi zamonaviy, barqaror va samarali normativ-huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar investorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, investitsiya tartibining barqarorligini va oldindan taxmin qilish imkoniyatlarini oshirish, investitsiya iqlimini rivojlantirish sohasida ilg'or xalqaro tajribalarni joriy etish, investitsiyalarni davlat qo'llab-quvvatlash vositalarini, shu jumladan barqarorlikni ta'minlovchi va rag'batlantiruvchi mexanizmlarni rivojlantirish, shuningdek, investorlar va davlat organlari o'rtasidagi o'zaro aloqalarni optimallashtirish masalalarini ko'rib chiqdi.
Milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, ma'muriy to'siqlarni qisqartirish va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat investitsiya siyosatining maqsadlariga va xalqaro standartlarga, shu jumladan Jahon banki vakillarining takliflariga muvofiqlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga qarashli Investitsiyalar bo'yicha milliy agentlik rahbari Ravshanbek Sabirov investitsiya qonunlarini isloh qilish jarayonida Jahon banki vakillarining ekspert va maslahat ko'magining ahamiyatini ta'kidladi.
Uchrashuv natijasida tomonlar investitsiya sohasini rivojlantirish va mamlakatdagi xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash yo'nalishida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o'zaro qiziqish bildirdilar.
















